None

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish


Aholini ro‘yxatga olish ma’lum bir sanada O‘zbekiston aholisining soni, yoshi, jinsi, diniy va etnik tarkibi, oilaviy ahvoli, ma’lumot darajasi, uy-joy bilan ta’minlanganligi, iqtisodiy faolligi, daromad olish manbalari, nogironligi xususida batafsil ma’lumot olishga yordam beradi.

Shuningdek, ro‘yxatga olish – aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning taqsimlanishini hisoblashda ishlatiladi, migratsiya holatini, mehnat resurslari taqsimotini aniq ko‘rsatib beradi.

Natijalar hududlarni rivojlantirish, ayollar va bolalar salomatligini saqlash bo‘yicha ishlarning manzilli amalga oshirilishi uchun ham axborot manbasi bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish 2025-2026 yillarga mo‘ljallanyapti. Bu haqda 2024 yil 4 mart kuni Prezident tomonidan imzolangan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-114-sonli qarori bilan tasdiqlangan rasmiy statistika sohasida islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasida Prezident huzuridagi Statistika agentligiga 2025−2026 yillarda aholini ro‘yxatga olish ishlarini tashkil etish vazifasi yuklatilgan.

Yo‘l xaritasida 2024 yil davomida agentlik aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini davom ettirishi belgilab berildi.

Jumladan:

aholini ro‘yxatga olishni aholining keng ommasiga tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarida foydalanish uchun videorolik, banner, flayer va bukletlar tayyorlash;

2021 yilda o‘tkazilgan sinov natijalari va xalqaro ekspertlarning tavsiyalari asosida aholini ro‘yxatga olish savolnomalari shakllarini takomillashtirish;

xalqaro tajriba va ekspertlar tavsiyalari asosida «Aholini ro‘yxatga olish» axborot tizimini takomillashtirish;

«STATA» amaliy dasturiy paketi litsenziyasini xarid qilish va unda ro‘yxatga olish natijalarining chiquvchi jadvallari namunalarini shakllantirish;

aholini ro‘yxatga olishning tashkiliy rejasini ishlab chiqish vazifalarini amalga oshirish belgilangan.

Aholini ro‘yxatga olish esa 2025−2026 yillarda o‘tkazilishi, natijalar 2026−2027 yillarda tayyorlanishi va e’lon qilinishi belgilangan.

2024 yilni mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qilinishi munosabati bilan aholi o‘rtasida aholini ro‘yxatga olish tadbirini nechog‘lik muhimligi va uni o‘tkazishga yoshlar, fuqarolar hamda tadbirkorlarning o‘zlari ham qatnashish imkoniyatiga ega ekanligi to‘g‘risida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, Toshkent shahar statistika boshqarmasi tomonidan 2024 yilning yanvar-mart oylarida rasmiy veb-saytlarda aholini ro‘yxatga olishga oid 24 dan ortiq maqolalar va tezislar joylashtirildi, mahalliy gazetalarda 8 ta maqola chop etildi, oliy ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida hamda kasb-hunar maktablarida aholini ro‘yxatga olishga oid masalalariga bag‘ishlangan 15 marotaba davra suhbatlari o‘tkazildi.

Shuningdek, aholini ro‘yxatga olishni xalqaro talablarga mos ravishda va sifatli o‘tkazilishini ta’minlash hamda aholini ro‘yxatga olishning tashkiliy rejasini to‘g‘ri tuzilishi aholi punktlari xaritalarining aniqligiga va hududlarda aholi yashaydigan turar joylarning raqamlanganligiga bevosita bog‘liq. Shu maqsadda, bugungi kunda mahalla va kadastr organlari bilan hamkorlikda, 2011 yil 12 oktabrdagi O‘RQ-303-sonli “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonun talablaridan kelib chiqqan holda, ko‘chalarga berilgan nom belgilari hamda xonadonlarga berilgan raqam belgilarining o‘rnatilganligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni joylarga chiqqan holda  monitoringgi statistika organlari xodimlari tomonidan doimiy yuritib borilmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ko‘chalar hamda xonadonlarning nomlari yoki raqam belgilarining mavjud emaslik holatlari aholini ro‘yxatga olish jarayonlarida ro‘yxatga oluvchi xodimlar uchun xonadonlarni to‘g‘ri topib borishda qiyinchiliklar keltirib chiqaradi. Shuningdek, xonadonlarni to‘liq raqamlash tez yordam, yong‘inga qarshi kurashish, ichki ishlar va shu kabi aholiga xizmat ko‘rsatuvchi organlar faoliyati uchun ham muhim hisoblanadi.

Shuningdek, aholini ro‘yxatga olishning birlamchi ma’lumotlar bazasi hajmining kattaligi sababli, uning natijalarini jadval ko‘rinishida shakllantirishda STATA amaliy dasturiy paketidan foydalanilmoqda. Bugungi kunga qadar 100 dan ortiq chiquvchi jadvallar mazkur dastur yordamida tayyorlandi. Ushbu dastur asosan statistik tahlil qiluvchi dastur bo‘lib, statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirishda qulay, tezkor va tahlillarni jadval, reyting va grafik ko‘rinishda taqdim eta oladi.