
2025–2026 o‘quv yilining ilk kunida Toshkent Kimyo xalqaro universitetida yurtimiz mustaqilligi, xalqimiz qadri va millatimiz g‘ururini ulug‘laydigan tadbir bo‘lib o‘tdi
2025–2026 o‘quv yilining ilk kunida Toshkent Kimyo xalqaro universitetida yurtimiz mustaqilligi, xalqimiz qadri va millatimiz g‘ururini ulug‘laydigan tadbir bo‘lib o‘tdi. “Vatan uchun, xalq uchun, millat uchun” shiori ostida tashkil etilgan “Mustaqillik darslari” universitet tarixida muhim voqea sifatida qayd etildi. Bu darslarda nafaqat yuqori kurs talabalari, balki ilk bor 1-kursga qadam qo‘ygan talaba-yoshlar ham faol ishtirok etishdi. Tadbir ularning nafaqat yangi o‘quv yili, balki butun talabalik hayotining ilk yorqin xotiralaridan biriga aylandi. “Mustaqillik darslari” jarayonida talabalarga mustaqillikning mazmuni, uning xalqimiz hayotidagi o‘rni, kelajak avlod zimmasidagi mas’uliyat haqida fikrlar bildirildi. Bu jarayon yoshlar qalbida yurtga sadoqat, Vatanga muhabbat va o‘z xalqiga xizmat qilish g‘oyalarini mustahkamlashga qaratildi. Mazkur tadbir universitetda ilk marta 1-kurslar uchun yo‘lga qo‘yilgan “Birinchi kurs maktabi” loyihasining ochilishiga ham sabab bo‘ldi. Shu tariqa, yangi o‘quv yilining birinchi kuni nafaqat akademik jarayonning boshlanishi, balki ma’naviyat va qadriyatlar darsi sifatida tarixda muhrlandi.