Hurmatli Ustozlar, mehmonlar va qadrli talabalar,
Avvalambor, barchangizni Toshkent Kimyo xalqaro universiteti nomidan qutlashga ijozat bersangiz.
Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida yurtimizda oliy taʼlim sohasida jadal islohotlar olib borilmoqda. Buning yaqqol dalili sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5847-sonli farmonini koʻrsatish mumkin. Davlatimiz rahbari tomonidan oliy taʼlim tizimida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari faoliyatini tashkil etish asosida oliy taʼlimga qamrab olish darajasini 50 foizdan oshirish, sogʻlom raqobat muhitini yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda nodavlat oliy taʼlim xizmatlari sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli respublikamizda bir qator nodavlat oliy taʼlim muassasalari, jumladan, universitetimiz – Kimyo Toshkent xalqaro universiteti toʻliq faoliyat koʻrsatmoqda.
Universitet dastlabki toʻrt yil davomida “Toshkent shahridagi Yeodju texnika Instituti” brendi ostida faoliyat yuritdi. Qisqa vaqt ichida taʼlim yoʻnalishlari soni 28taga yetdi, institut ISO 9001:2015 sifat menejmenti tizimi xalqaro sertifikatiga ega boʻldi, shuningdek, 9ta taʼlim dasturi boʻyicha xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazildi.
Shu bilan birga ilk tashkil qilingan gumanitar va iqtisodiy yoʻnalishlar Oliy taʼlim sifatini kafolatlash Yevropa registrining (EQAR) maʼlumotlar bazasiga kiritildi. Yaqin yillarda texnik yoʻnalishlarni EUR-ACE (European Accredited Engineer) maʼlumotlar bazasiga kiritish va barcha taʼlim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish asosiy strategik vazifa qilib belgilab olindi.
Hozirga kelib hamkor xorijiy oliy taʼlim muassasalari tarmogʻi kengaydi. Ilk yillarda Janubiy Koreya Respublikasining Yeoju texnika instituti asosiy hamkor boʻlgan boʻlsa, ayni damda turli mamlakatlardagi hamkor universitetlar soni 50dan ortdi va shulardan Xanyang, Gachon, Xankyong kabi universitetlar bilan yaqin taʼlim aloqalariga ega boʻldik. Shular qatoriga Chosun, Chonju, Daegu (Koreya Respublikasi), Ruzvelt universiteti (AQSh), NILE va Starklayd universitetlari (Buyuk Britaniya), Riga texnika universiteti, Turiba universiteti va Boltiq xalqaro akademiyasi (Latviya Respublikasi), Berlin texnika Universiteti va Xalqaro amaliy fanlar universiteti (Germaniya), Yildiz texnika universiteti va Istanbul Aydin universiteti (Turkiya) va boshqa koʻplab universitetlar kiradi.
Hamkor universitetlar va xalqaro akkreditatsiya komissiya ekspertlarining bir qator takliflarini inobatga olib, institut maqomini xalqaro universitet darajasiga koʻtarish maqsadida rebranding oʻtkazishga qaror qilindi. 2022-yil oktyabr oyidan boshlab oliy taʼlim muassasamiz “Kimyo Toshkent xalqaro universiteti” nomini oldi.
Mamlakatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar va oliy taʼlim sohasidagi davlat siyosatini inobatga olgan holda Kimyo Toshkent xalqaro universiteti taʼlim, fan va texnika sohalaridagi soʻnggi yutuqlarni hisobga olgan holda rivojlangan davlatlar, jumladan, Koreya va Yevropa mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan kredit-modul tizimiga asoslangan taʼlim dasturlarini amalga oshirishda davom etmoqda.
Universitetda nazariy bilimlarni chuqur tayyorlash bilan birga talabalarning amaliy koʻnikmalarini shakllantirish, mantiqiy va ijodiy fikrlashni rivojlantirish, iqtisodiyotning real tarmoqlari bilan akademik va amaliy aloqalarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, universitetda “2+2”, “3+1”, “2+1+1” va “2+2+1” almashinuv taʼlim dasturlarini taqdim etish orqali zamonaviy bilimlarni olish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, hamkor universitetlar bilan akademik mobillik dasturlari ham mavjud. Bundan tashqari, universitet infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini yaxshilash, va oʻquv jarayoniga xalqaro yetakchi olimlar, oʻqituvchilar va amaliyotchilarni jalb etish ishlari davom ettirilmoqda.
Hurmatli doʻstlar, mehmonlar va qadrli talabalar,
Yana bir bor, Toshkent Kimyo Xalqaro Universitetiga xush kelibsiz!