“Aloqaventures” fondi direktori Suxrob G'aybullayev tomonidan universitetning “Biznes va Moliya” maktabi talabalari uchun “Startap va venchur ekotizimi” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.
Seminar davomida talabalarga dunyodagi yetakchi startap kompaniyalar tajribasi, startap loyihalarga sarmoya jalb qilish mexanizmlari, venchur fondlar faoliyati hamda venchur investitsiyalar bo‘yicha muhim statistik ma’lumotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, bugungi kunda ko‘plab yoshlar o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish va innovatsion g‘oyalarini amaliy loyihaga aylantirishga intilayotgani ta’kidlanib, startaplarni to‘g‘ri boshlash va ularni bosqichma-bosqich rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ta’kidlanganidek, startap — innovatsion biznes g‘oya va texnologiyaga asoslangan, tez rivojlanishga intiluvchi yosh kompaniya hisoblanadi. Venchur fond esa yuqori riskli investitsiya fondi bo‘lib, texnologik startaplarga ulush shaklida sarmoya kiritish orqali ularning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi. Startap kompaniyalarning bozor qiymati oshgani sari investorlar o‘z ulushini sotish yoki dividend olish orqali daromadga ega bo‘lishlari mumkin.
Ma’lumot uchun, “Aloqaventures” venchur fondi “Aloqabank” aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan startap loyihalarga sarmoya kiritish maqsadida tashkil etilgan. Hozirga qadar fond tomonidan 77 ta startap loyihaga jami 10,3 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilgan, shundan 2025-yilning o‘zida 46 ta loyiha uchun 6,3 mln AQSh dollari yo‘naltirilgan.