None

Davlat stipendiyasi va olimpiada gʻoliblari taqdirlandi


Davlat stipendiyasi va olimpiada gʻoliblari taqdirlandi.

Yurtimiz kelajagi koʻp jihatdan barkamol, salohiyatli kadrlarga bogʻliq. Hozirgi zamonning oʻzi oldimizga keng koʻlamli va murakkab vazifalarni hal etishga qodir boʻlgan kadrlarni tarbiyalash, yoshlarning jamiyatimizda munosib oʻrin egallashini taʼminlash uchun yangi-yangi vazifalarni qoʻymoqda.

Joriy yilning 5 fevral kuni Toshkent Kimyo xalqaro universitetining Kengash yigʻilishida davlat stipendiyasi gʻoliblari va tibbiyot boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro olimpiada gʻoliblari sertifikat va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Tadbirda universitet taʼsischisi prof. Alisher Vakhobov shaxsan ishtirok etib, talabalarni taʼlim va fan sohasida erishayotgan yutuqlari ahamiyati hamda yoshlarimizning kelajakdagi oʻsish va taraqqiyotiga qoʻshgan hissalarini taʼkidladi.

Davlat stipendiyasi gʻoliblari ilmiy tadqiqotlar, ijodiy loyihalar va ijtimoiy faollik kabi sohalarda oʻzlarining isteʼdod va qobiliyatlarni namoyon etgan boʻlsa, tibbiyot yoʻnalishidagi olimpiada gʻoliblari kimyo va biologiya kabi turli fanlardan eng yaxshi natijalarni koʻrsatgan talabalar boʻldi.

Tadbir yakunida barcha gʻoliblar maxsus diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar. Jumladan, 1-oʻrin egalariga notebook, 2-3-oʻrin sohiblariga esa planshet taqdim etildi. Bundan tashqari, Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi gʻolibasiga davlat tomonidan maxsus stipendiya ajratilgan hamda magistratura taʼlim yoʻnalishiga grant asosida oʻqishga qabul qilish imtiyozi berilgan.

Ushbu marosim yoshlarimizning ilmiy va ijodiy salohiyatini ragʻbatlantirish, shuningdek, ularni jamiyatimizning taraqqiyotiga hissa qoʻshishga undash maqsadida tashkil etilgan boʻlib, kelajakda ham shu kabi tadbirlar davom ettirilishi rejalashtirilgan.