
Jeongbuk milliy universitetidan Koreya delegatsiyasi
Bugun Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga Janubiy Koreyaning nufuzli Jeongbuk National University rektori boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlarni universitet rektori prof. Akmal Allakuliev samimiy kutib oldi.
Uchrashuv davomida ikki oliygoh o‘rtasida hamkorlikning yangi bosqichi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, “2+2” qo‘shma ta’lim dasturi doirasida Kimyo xalqaro universiteti talabalari uchun 50 ta grant o‘rni ajratilishi belgilandi. Ushbu dastur orqali talabalar bakalavriatning dastlabki ikki yilini Toshkentda, keyingi ikki yilini esa Janubiy Koreyada o‘qish imkoniga ega bo‘ladilar.
Bundan tashqari, uchrashuvda tibbiyot yo‘nalishidagi talabalar uchun amaliyot va malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrif yakunida tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini (MOU) imzoladilar. Ushbu hujjat ikki universitet o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlab, ta’lim va ilmiy sohada yangi istiqbollarni ochib beradi.
Prof. Akmal Allakuliev mehmonlarga samimiy minnatdorlik bildirib, bu tashrif O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi ta’lim aloqalarini yanada mustahkamlash, yoshlar uchun xalqaro imkoniyatlar yaratishda muhim qadamlardan biri ekanini ta’kidladi.