Joriy yilning 19 sentyabr kuni Toshkent Kimyo xalqaro universitetida Global Exchange Support Center (GESC) markazining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi
Joriy yilning 19 sentyabr kuni Toshkent Kimyo xalqaro universitetida Global Exchange Support Center (GESC) markazining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda TKXUning taʼsischisi prof. Alisher Vaxobov, Toshkentdagi Koreya taʼlim markazining sobiq direktori Pyang Joo Man, markazning yangi direktori Li Yong Vung va Oʻzbekiston Koreya Assotsiatsiyasi rahbari Kang Chang Seok ishtirok etishdi.
Yangi tashkil etilgan Global Exchange Support Center ning asosiy vazifalaridan biri universitet talabalari uchun Koreyada tahsil olish imkoniyatlarini kengaytirish va qoʻllab-quvvatlashdir. GESC yaqin kelajakda TKXU talabalari uchun Koreyada oʻqish va almashinuv dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlarini oshiradi.
Tadbirning muhim qismida Toshkentdagi Koreya taʼlim markazining sobiq direktori Pyang Joo Manga faxriy doktorlik unvoni topshirildi. Janob Pyang Joo Man Toshkent Kimyo xalqaro universitetida koreys tilini rivojlantirish, koreys tilini oʻrganish imkoniyatlarini kengaytirish va talabalarning Koreyada taʼlim olish jarayonini faollashtirishga katta hissa qoʻshgan. U Koreya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi taʼlim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga katta eʼtibor qaratganligi bilan eʼtirof etildi.
GESCning ochilishi TKXUda taʼlim sifati va xalqaro hamkorlikni yanada yuqori bosqichga koʻtarishga qaratilgan muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda. Bu markazning faoliyati nafaqat talabalarning xalqaro bilim va koʻnikmalarini oshirishga, balki ikki davlat oʻrtasidagi madaniy va taʼlimiy aloqalarni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.