Kimyo xalqaro universitetida 530 ta Ta’lim granti va 30 ta Nomdor Stipendiya egalariga taqdim etildi
2025-yil 14-noyabr kuni Toshkent Kimyo xalqaro universitetida yilning eng muhim va tantanali tadbirlaridan biri — Stipendiya va Ta’lim granti sohiblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bu yil Toshkent, Samarqand va Namangan filiallarining iqtidorli hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalariga jami 530 ta Ta’lim granti ajratildi. Shuningdek, universitet tarixida alohida o‘rin tutgan shaxslar nomi bilan ataladigan 100 foizlik stipendiyalar ham o‘z egalariga topshirildi. 30 nafar talaba quyidagi uch shaxs nomidagi nomdor stipendiyalarga sazovor bo‘ldi:
— universitetning birinchi rektori Janpo‘lat Kudaybergenov nomidagi stipendiya,
— iqtisodchi olim Ahmadjon O‘lmasov nomidagi stipendiya,
— iqtisod fanining yetuk vakili Murod Sharifhadjayev nomidagi stipendiya.
Marosim universitet rektori, professor Akmal Allakulievning tabrik nutqi bilan boshlandi. Rektor talabalarning yutuqlarini alohida qadrlab, stipendiya va grantlar yoshlar kelajagiga qo‘yilgan yirik poydevor ekanini ta’kidladi. Shundan so‘ng universitetning birinchi rektori marhum Janpo‘lat Kudaybergenovning rafiqalari — Dilora Kudaybergenova sahnaga taklif etilib, universitetning ilk qadamlari, ta’limga bo‘lgan sadoqat va yoshlar haqidagi ezgu tilaklarini bildirdilar.
17-noyabr — Xalqaro Talabalar kuni arafasida Toshkent Kimyo xalqaro universiteti tomonidan talabalar uchun bayramona tadbir tashkil etildi. Tadbir universitet talabalari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar bilan davom etdi. Marosim yakunida esa bayramona kayfiyatni yanada ko‘tarinkiga aylantirgan maxsus mehmon — DJ Maccarella sahnaga chiqdi.
Marosim Toshkent Kimyo xalqaro universitetining iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini e’tirof etish va kelajak uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish borasidagi ezgu an’analarining yorqin namunasiga aylandi.