KIUT TA’LIM GRANTLARI UCHUN HUJJATLAR QABULI BOSHLANMOQDA
Toshkent Kimyo xalqaro universitetida 2026/2027-o‘quv yili uchun universitet ta’lim grantlari tanlovi e’lon qilinmoqda.
Tanlov akademik, ilmiy, ijodiy va professional faoliyatda yutuqlarga erishayotgan, universitet hayotida faol ishtirok etayotgan, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Grantlar ikki asosiy yo‘nalishda ajratiladi:
1. Akademik yutuqlar granti
Ushbu grant bakalavriatning kunduzgi va kechki ta’lim shakllarida tahsil olayotgan 2-, 3- va 4-kurs talabalari uchun mo‘ljallangan.
Tanlovda talabalarning o‘qishdagi natijalari, olimpiada va tanlovlardagi yutuqlari, ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalardagi ishtiroki, shuningdek, universitet hayotidagi faolligi va uning rivojiga qo‘shgan hissasi inobatga olinadi.
Baholash jarayonida talabaning nafaqat akademik ko‘rsatkichlari, balki universitetni respublika va xalqaro miqyosdagi tadbirlar, loyihalar va tashabbuslarda munosib namoyon etishi ham e’tiborga olinadi.
2. Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash granti
Ushbu grant ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Jumladan, quyidagi toifadagi talabalar grant uchun hujjat topshirishlari mumkin:
- Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;
- Kam ta’minlangan oilalar farzandlari;
- Boquvchisini yo‘qotgan yoki og‘ir ijtimoiy sharoitga tushib qolgan talabalar;
- Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoji mavjud boshqa toifadagi talabalar.
Talabgorlarning ijtimoiy va moddiy holati, akademik natijalari hamda universitetning ichki tartib-qoidalariga rioya etishi tegishli hujjatlar asosida ko‘rib chiqiladi.
Grant miqdorlari
Universitet ta’lim grantlari o‘qish shartnoma to‘lovining muayyan qismini qoplash uchun ajratiladi.
Grant miqdori va grant oluvchilar ro‘yxati tanlov natijalari, Grant komissiyasining tavsiyalari hamda universitetning belgilangan tartibdagi qarorlari asosida aniqlanadi.
Grantlar bir o‘quv yili uchun tayinlanadi. Avvalgi o‘quv yilida grant olgan talabalar ham tanlovda qayta ishtirok etishlari mumkin.
Talab etiladigan hujjatlar
- Oxirgi yakunlangan o‘quv yili (ikki semestr) bo‘yicha akademik ko‘rsatkichlar (GPA);
- Ikki nafar professor-o‘qituvchining tavsiyanomasi;
- Olimpiada, tanlov, ilmiy va professional yutuqlarni tasdiqlovchi hujjatlar (mavjud bo‘lsa);
- Oxirgi o‘quv yilidagi volontyorlik faoliyati, universitet hayotidagi faolligi va erishgan natijalarini tasdiqlovchi hujjatlar (mavjud bo‘lsa);
- Ijtimoiy grant talabgorlari uchun ijtimoiy holatini tasdiqlovchi rasmiy hujjatlar.
Izoh: Akademik ko‘rsatkichlar, volontyorlik faoliyati va universitet hayotidagi faollik faqat oxirgi yakunlangan o‘quv yili bo‘yicha hisobga olinadi.
Hujjatlarni topshirish muddati va tartibi
2026-yil 12-oktyabrdan 2-noyabrgacha.
Talabgorlar belgilangan hujjatlarni o‘z ta’lim yo‘nalishi rahbariga topshirishlari lozim.
Muhim: Joriy yilgi grant tanlovida motivatsion xat talab etilmaydi.
Tanlov natijalari rasmiy axborot resurslarida e’lon qilinadi.
Batafsil ma’lumot uchun
Manzil: A-blok, 214-xona
Mas’ul: Jamoatchilik va OAV bilan ishlash bo‘limi rahbari Shoira Khamrayeva.
O‘z bilimingiz, mehnatingiz va yutuqlaringizni namoyon eting. KIUT ta’lim grantlari tanlovida ishtirok eting.