Talaba ovozi eshitiladigan ta’lim: Japan × Uzbekistan xalqaro muloqoti
“Mening ovozim jamiyatni o‘zgartirish kuchiga ega” — yoshlar bunga ishonishi uchun qanday ta’lim kerak?
Kimyo xalqaro universitetida “Future Dialogue: Japan × Uzbekistan” doirasida aynan shu savol atrofida talabalar ishtirokida xalqaro debat tashkil etildi. Unda O‘zbekiston va Yaponiyadan kelgan talabalar, xalqaro ekspertlar va yoshlar tashkilotlari vakillari ta’lim, jamiyatdagi yoshlarning o‘rni hamda ularning qarorlar qabul qilish jarayonidagi ishtiroki haqida fikr almashdilar.
Bugungi ta’limda talabani faqat bilim oluvchi sifatida ko‘rish yetarli emas. Universitet yosh insonga o‘z fikrini shakllantirish, uni asoslab bera olish, boshqalarning qarashlarini tinglash va jamiyatdagi jarayonlarga befarq bo‘lmaslikni ham o‘rgatishi kerak.
Shu jihatdan debatning asosiy mavzusi — talaba ovozini eshitish masalasi alohida ahamiyat kasb etdi.
Talabalar universitetdagi ta’lim jarayonini bevosita boshdan kechirayotgan tomon hisoblanadi. Ular nimani o‘rganayotgani, qanday muhitda ta’lim olayotgani, qaysi imkoniyatlar yetishmayotgani yoki qaysi yondashuvlar samarali ekanini o‘z tajribasi orqali ko‘radi. Shu sababli ularning fikrini tinglash shunchaki muloqot emas, balki ta’limni yaxshilashning muhim vositasidir.
Xalqaro tajribada ham “student voice” tushunchasiga tobora katta e’tibor qaratilmoqda. OECD talabalarning ta’limga oid masalalar bo‘yicha muloqot, muhokama va maslahatlashuvlarda ishtirok etishini student voice’ning muhim qismi sifatida ko‘rsatadi. Talabaning fikri eshitilibgina qolmay, unga munosabat bildiriladigan muhit yoshlarning o‘z ta’limiga nisbatan mas’uliyati va faolligini kuchaytiradi.
Debat davomida ham tayyor javoblarni topishdan ko‘ra, savol berish, turli qarashlarni eshitish va o‘z pozitsiyasini asoslash muhim bo‘ldi. O‘zbekiston va Yaponiya yoshlari bir mavzuga turli madaniy va ijtimoiy tajribadan kelib chiqib yondashgani esa munozarani yanada mazmunli qildi.
Bunday uchrashuvlarning ahamiyati ham shunda: yoshlar xalqaro ekspertlarni tinglaydi, lekin ayni paytda ekspertlar ham yoshlarni eshitadi.
Chunki talabaning “mening fikrim muhim” degan ishonchi bir kunda shakllanmaydi. Bu ishonch savol berishga imkon beradigan auditoriyada, ochiq munozarada, o‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi muloqotda hamda yoshlarning tashabbusiga jiddiy munosabat bildiriladigan muhitda paydo bo‘ladi.
Yoshlarning ovozini eshitadigan universitet nafaqat mutaxassis, balki o‘z fikriga, pozitsiyasiga va jamiyat oldidagi mas’uliyatiga ega avlodni tarbiyalaydi.
“Future Dialogue: Japan × Uzbekistan” uchrashuvining asosiy mazmuni ham shu savolni ochiq qoldirish emas, balki unga birgalikda javob izlashdan iborat bo‘ldi: yoshlar o‘z ovozi jamiyatda ahamiyatga ega ekanini his qilishi uchun ta’lim qanday bo‘lishi kerak?