Toshkent Kimyo xalqaro universiteti AUTEX xalqaro assotsiatsiyasi a’zoligiga qabul qilindi
Toshkent Kimyo xalqaro universitetining “Liboslar dizayni” yo‘nalishi professori v.b. Muxtabar Shomansurova 2026-yil 3–5-iyun kunlari Fransiyaning École Supérieure des Industries du Textile et de l'Habillement (EISTH) tomonidan tashkil etilgan AUTEX 2026 konferensiyasi va AUTEXning 25 yillik yubiley assambleyasida ishtirok etdi.
Assambleya yakunlariga ko‘ra, tashkilot a’zolarining 100 foiz ovozi bilan Toshkent Kimyo xalqaro universiteti AUTEX xalqaro assotsiatsiyasi a’zoligiga qabul qilindi.
Ma’lumot uchun, AUTEX (Association of Universities for Textiles) to‘qimachilik va yengil sanoat sohasidagi yetakchi xalqaro akademik tarmoq bo‘lib, uning tarkibiga 36 ta davlatdan 51 ta universitet, ilmiy-tadqiqot markazi va tashkilotlar a’zo hisoblanadi.
AUTEX ilmiy tadqiqotlarga asoslangan global hamkorlik platformasi bo‘lib, uning nufuzli ilmiy jurnali Scopus va Web of Science xalqaro ilmiy bazalarida indekslanadi hamda Q2 va Q3 kvartillaridagi ilmiy maqolalarni chop etadi.
Mazkur a’zolik universitet uchun xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlar olib borish va to‘qimachilik hamda dizayn yo‘nalishlarida akademik salohiyatni yanada oshirish imkoniyatlarini yaratadi.