Toshkent Kimyo xalqaro universiteti ilk bor QS Osiyo universitetlari reytingidan joy oldi
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti (KIUT) ilk bor QS Asia University Rankings — Osiyoning nufuzli universitetlari reytingiga kiritildi. Bu natija universitetning xalqaro miqyosdagi nufuzi va e’tirofi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Universitet reytingdagi dastlabki ishtirokidayoq xalqaro hamkorlik, xorijiy professor-o‘qituvchilar va talabalar ulushi hamda akademik mobillik yo‘nalishlarida e’tiborga molik natijalarni qayd etdi.
KIUTning reytingdagi asosiy natijalari:
Markaziy Osiyo universitetlari orasida — TOP-90;
O‘zbekiston universitetlari orasida — TOP-35;
Xorijiy professor-o‘qituvchilar ko‘rsatkichi bo‘yicha — 190-o‘rin;
Xalqaro talabalar ko‘rsatkichi bo‘yicha — 346-o‘rin;
Xorijda almashinuv dasturlarida tahsil olayotgan talabalar ko‘rsatkichi bo‘yicha — 406-o‘rin.
Mazkur ko‘rsatkichlar universitetda xalqaro ta’lim muhitini shakllantirish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish hamda talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun akademik almashinuv imkoniyatlarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarning natijasidir.
QS Asia University Rankings reytingiga ilk bor kirish Toshkent Kimyo xalqaro universiteti uchun muhim bosqich bo‘ldi. Universitet kelgusida ham xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ta’lim sifatini oshirish, akademik mobillik dasturlarini kengaytirish va ilmiy faoliyatining xalqaro miqyosdagi ko‘rinishini kuchaytirishga e’tibor qaratadi.
Bu natija KIUTning xalqaro oliy ta’lim maydonida o‘z o‘rnini mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamidir.
www.kiut.uz