Toshkent Kimyo xalqaro universiteti (TKXU) taʼsischisi A.Vakhobov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Pusan milliy universitetiga (PMU) tashrif buyurib, OTM prezidenti Choi Jae Weon bilan uchrashdi
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti (TKXU) taʼsischisi A.Vakhobov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari 14-avgust kuni Pusan milliy universitetiga (PMU) tashrif buyurib, OTM prezidenti Choi Jae Weon bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida ikki universitet oʻrtasida 2+2 darajali oʻqish tizimi boʻyicha memorandum imzolandi.
TKXU va PMU oʻrtasida kelishilgan yangi dasturga koʻra, talabalar dastlabki bir yil davomida TKXUda ta’lim olib, ingliz tilida fanlarni oʻzalashtirish koʻnikmasini rivojlantiradilar. Til bilish darajasi talab etilgan darajaga yetgach, ular keyingi uch yilni PMU da davom ettirib, ikki tomonlama diplom olish imkoniyatiga ega boʻladilar. Yaʼni, dastur yakunida, TKXU va PMU diplomlarini qoʻlga kiritadilar.
Kelajakda 2+2 dasturini Tibbiyot maktabidan tashqari boshqa yoʻnalishlarda ham joriy etish boʻyicha kelishib olindi. Talabalar keng doiradagi mutaxassisliklardan oʻzlariga mosini tanlashlari mumkin boʻladi. Shuningdek, ikki universitet oʻrtasida shifokorlar, professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvi yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirildi. Bu hamkorlik orqali talabalarning malakasi oshiriladi va tibbiyot sohasida innovatsion bilimlar almashinuvi taʼminlanadi. Bundan tashqari, Pusan milliy universiteti mahalliy sanoat bilan hamkorlikda talabalarni ish bilan taʼminlashni rejalashtirgan.
TKXU delegatsiyasi tashrif davomida Yangsan shahridagi Pusan milliy universiteti kasalxonasiga ham tashrif buyurdi. Delegatsiya aʼzolari radiologiya boʻlimi, ambulatoriya dorixonasi, diagnostika boʻlimi, bolalar shifoxonasi va reabilitatsiya markazlari bilan tanishdi. Shuningdek, Pusan milliy universitetining “Tibbiyot” fakulteti dekani doktor Jang Chul-Xun bilan ham uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda ikki universitet oʻrtasida shifokorlar va talabalarning oʻzaro hamkorligini yanada rivojlantirishga kelishildi. Kelajakda Pusan milliy universitetining “Tibbiyot fakultetida TKXU talabalariga amaliyot oʻtash imkoniyatini yaratish masalasi ham muhokama qilindi. Pusan milliy universiteti prezidenti joriy yilning oktyabr oyida TKXUga tashrif buyurib, hamkorlik rejalari boʻyicha qoʻshimcha muhokamalar oʻtkazishini bildirdi.