Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Xalqaro Taraz universiteti sog‘liqni saqlash menejmenti sohasida qo‘shma dasturlarni rivojlantiradi
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Xalqaro Taraz universiteti sog‘liqni saqlash menejmenti sohasida qo‘shma dasturlarni rivojlantiradi
2025-yil 5-noyabr kuni Sh. Murtaza nomidagi Xalqaro Taraz universiteti (Qozog‘iston) delegatsiyasi Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga rasmiy tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibida o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Qadirova Aqmaral Satbekqizi hamda Iqtisodiyot va biznes fakulteti dekani Kuatbekov Jaras Alpısbayevich ishtirok etdi. Mehmonlarni universitet rektori professor Akmal Baltaevich Allakuliev samimiy kutib oldi.
Uchrashuvning markaziy mavzusi “Sog‘liqni saqlash menejmenti” yo‘nalishi bo‘yicha EMBA dasturi doirasidagi magistrantlar uchun amaliy stajirovkalarni tashkil etish va bu yo‘nalishda xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish masalalariga bag‘ishlandi.
Tomonlar sog‘liqni saqlash tizimida samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, tibbiyot va menejment yo‘nalishlarini birlashtirgan ilg‘or ta’lim modelini yaratish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni muhokama qildilar. Shuningdek, kelgusida talabalar va professor-o‘qituvchilar akademik mobilligini rivojlantirish, hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv natijasida ikki oliygoh o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, ta’lim va ilmiy sohalarda integratsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Mazkur tashrif Markaziy Osiyo miqyosida sog‘liqni saqlash boshqaruvi sohasidagi yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga xizmat qiluvchi muhim qadam sifatida e’tirof etildi.