Toshkent Kimyo xalqaro universitetida “Ipak yo‘li” banki
Toshkent Kimyo xalqaro universitetida “Ipak yo‘li” banki bilan hamkorlikda tashkil etilgan Fintech Innovation markazi o‘z faoliyatini tantanali tarzda boshladi. Ushbu zamonaviy markaz bank, moliya va buxgalteriya yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirgan holda ta’lim olish imkonini yaratadi.
Markazda talabalar real bank muhitida ishlash jarayonlarini o‘rganadilar, zamonaviy fintech texnologiyalari, raqamli to‘lov tizimlari, mijozlar bilan ishlash platformalari va moliya dasturlari bilan amaliy mashg‘ulotlar olib boradilar. Bu esa ularning bitiruvdan so‘ng darhol professional muhitda faoliyat yuritish salohiyatini oshiradi.
Shuningdek, markaz qoshida kichik tarixiy muzey ham tashkil etilgan bo‘lib, unda 1980–1990-yillarda bank va buxgalteriya sohasida ishlatilgan buyumlar, arxiv hujjatlari va o‘sha davr ish qurollari namoyish etilgan. Bu burchak talabalar uchun nafaqat o‘quv jarayonining bir qismi, balki sohaning tarixiy rivojini his etish imkonini beruvchi madaniy maydon vazifasini ham bajaradi.
Fintech Innovation markazining ochilishi Toshkent Kimyo xalqaro universitetining amaliy ta’limga asoslangan, bozor talablariga mos mutaxassislar tayyorlash siyosatini yanada mustahkamladi.