
World Vocational College Skills Competition – 2025: Sun’iy intellekt yoʻnalishida KIUT talabalari bronza medali sohibi
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti talabalari xalqaro miqyosdagi yirik musobaqa – “World Vocational College Skills Competition – 2025” ning Markaziy Osiyo bosqichida faol ishtirok etdilar. Musobaqa Toshkent davlat transport universiteti hamda Xitoyning Tianjin Maritime College bilan hamkorlikda tashkil etildi. Musobaqaning sun’iy intellekt yo‘nalishida Amaliy informatika kafedrasi professor-oʻqituvchilari Maxarov Qodirbek va Rahimova Mehrbonu rahbarligida ikki jamoa shakllantirilib, ular “AI Encyclopedia” va “Smart Vacuum Cleaner” nomli innovatsion loyihalari bilan qatnashishdi.
“AI Encyclopedia” loyihasi tarixiy obidalarni sun’iy intellekt yordamida aniqlab, ular haqida batafsil ma’lumot beruvchi aqlli tizim sifatida taqdim qilindi. Ushbu loyiha madaniy merosni asrab-avaylash va keng jamoatchilikka yetkazishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga yo‘naltirilgani uchun hakamlar e’tiborini tortdi. “Smart Vacuum Cleaner” esa robototexnika va IoT texnologiyalarini uyg‘unlashtirgan, atrof-muhitni avtomatik ravishda aniqlab, optimal tozalash yo‘nalishlarini belgilaydigan aqlli qurilma sifatida taqdim qilindi.
Natijada, Toshkent Kimyo xalqaro universiteti jamoalaridan biri musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu yutuq nafaqat universitet nufuzini oshirdi, balki talabalarimizning sun’iy intellekt sohasida xalqaro miqyosda raqobatlasha olish qobiliyatini ham yaqqol namoyon qildi. Ushbu natija talabalarning kelgusida yangi ilmiy va amaliy loyihalarni amalga oshirishda yanada faol bo‘lishiga hamda universitetning xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashiga keng imkoniyatlar yaratadi.