Toshkent Kimyo Xalqaro Universiteti (TKXU) — O‘zbekiston Respublikasidagi ilk xususiy oliy ta’lim muassasasi bo‘lib, 2018-yilda Toshkent shahrida Yeodju texnika instituti nomi ostida tashkil etilgan. Universitet o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining tegishli qarorlari va №OT 0002 (033297) davlat litsenziyasi asosida olib boradi.
TKXU — O‘zbekiston va Koreya Respublikasi hukumatlari o‘rtasidagi texnologiyalar hamda innovasiyalarni ta’lim sohasiga transfer qilish bo‘yicha hamkorlikning amaliy natijasidir. Universitetda ta’lim o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi. Akademik faoliyatni Janubiy Koreya, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya va Malayziya kabi ta’lim sohasida yetakchi mamlakatlar universitetlarining bitiruvchilari bo‘lgan xalqaro va mahalliy professor-o‘qituvchilar amalga oshiradilar.
Hozirda TKXU tarkibidagi 5 ta ta’lim maktabida 38 ta bakalavriat va 22 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha jami 40 mingdan ortiq talabalar tahsil olmoqda. 2021/2022 o‘quv yilida Namangan shahrida, 2022/2023 o‘quv yilida esa Samarqand shahrida universitet filiallari tashkil etilib, faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Universitetda, shuningdek, 29 ta doktorantura (PhD) yo‘nalishlari faoliyat yuritadi.Ushbu dasturlar ilmiy salohiyatni rivojlantirish, zamonaviy tadqiqotlar olib borish hamda O‘zbekistonning ilmiy-texnologik taraqqiyotiga hissa qo‘sha oladigan yuqori malakali olimlar va mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan. Doktorantura yo‘nalishlari universitetning asosiy ta’lim maktablari — muhandislik, biznes va iqtisodiyot, tabiiy fanlar, san’at va tibbiyot sohalarini o‘z ichiga oladi.
TKXU O‘zbekistonning nodavlat oliy o‘quv yurtlari orasida birinchilardan bo‘lib KAZSEE va IQAA xalqaro akkreditatsiya agentliklaridan ta’lim dasturlarining sifatini tasdiqlovchi sertifikatlarga ega bo‘ldi. Universitet ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun barcha zarur litsenziyalarga ega bo‘lib, TKXU bitiruvchilariga beriladigan diplom O‘zbekiston hududida to‘laqonli tan olinadi.
Universitetning bosh maqsadi — innovatsion bilimlar, zamonaviy texnologiyalar va xalqaro ta’lim standartlari asosida global raqobatga bardosh bera oladigan, intellektual salohiyatli, ijtimoiy mas’uliyatli va jamiyat taraqqiyotiga faol hissa qo‘sha oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.Biz yoshlarning ilmiy va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni mustaqil fikrlashga, yangilik yaratishga va murakkab muammolarni hal qila oladigan professionallar sifatida shakllantirishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.TKXU ta’lim jarayonida ilg‘or pedagogik yondashuvlar, raqamli texnologiyalar, interfaol o‘qitish usullari va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlovchi muhitni yaratadi. Universitet o‘z talabalari va bitiruvchilariga xalqaro mehnat bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yurita olishi uchun zarur bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarni taqdim etadi.Bizning intilishimiz — O‘zbekiston va mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun innovatsion g‘oyalar markazi, zamonaviy ilm-fan o‘chog‘i va ijtimoiy o‘zgarishlar drayveriga aylanishdir. Shuning uchun biz doimo o‘quv dasturlarni yangilab boramiz, xalqaro hamkorlikni kengaytiramiz, ilmiy salohiyatni oshiramiz va har bir talabaning muvaffaqiyatga erishishi uchun qulay akademik ekotizim yaratamiz.
TKXU o‘z faoliyatida gender tengligi, inklyuziv ta’lim va barcha uchun teng imkoniyat tamoyillariga qat’iy amal qiladi. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun ta’lim olish sharoitlarini yaratish orqali universitet adolatli va inklyuziv ta’lim tizimini rivojlantirishga hissa qo‘shadi.