“Art Engineering 2026”: san’at va muhandislik orqali ekologik muammolarga yechim izlanmoqda
2026-yil 20-aprel kuni soat 10:00 da **Kimyo International University in Tashkent**da “Art Engineering 2026” ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazma 25-aprelga qadar davom etadi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston universitetlari orasida yagona bo‘lib, muhandislik va san’at uyg‘unligida yaratilgan innovatsion ishlanmalarni bir maydonga jamlaydi. Joriy yilgi ko‘rgazma global ekologik muammolarga bag‘ishlanib, zamonaviy insoniyat oldida turgan dolzarb masalalarni badiiy va texnologik yondashuv orqali yoritadi.
Ko‘rgazmada taqdim etilayotgan loyihalar inson va tabiat o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni turli obrazlar orqali aks ettiradi. Jumladan, cho‘l o‘rtasida qolgan kema obrazi ekologik inqiroz va yo‘qolib borayotgan resurslar haqida signal beradi, energetik daraxt esa qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali barqaror kelajak g‘oyasini ilgari suradi.
Qayta ishlangan chiqindilardan yaratilgan ninachi, toshbaqa va embrion kabi art obyektlar inson faoliyatining tabiatga ta’sirini ochib berar ekan, ekologik shahar va tuganmas shahar konsepsiyalari urbanizatsiya muammolariga e’tibor qaratadi. Ikki qarama-qarshi holatda tasvirlangan o‘rmon esa inson tanlovi tabiat taqdirini belgilashini yaqqol namoyon etadi.
Shuningdek, ko‘rgazmada interaktiv va innovatsion loyihalar ham alohida o‘rin egallagan. Zoitrop mexanik animatsiya qurilmasi, interaktiv proyeksiya texnologiyalari hamda zamonaviy qishloq xo‘jaligiga oid gardonika tizimi tashrif buyuruvchilarga nafaqat vizual, balki amaliy tajriba ham taqdim etadi.
“Art Engineering 2026” nafaqat ko‘rgazma, balki fikrlash maydoni sifatida tashkil etilgan bo‘lib, u tomoshabinni ekologik mas’uliyat, resurslardan oqilona foydalanish va kelajak avlod oldidagi burch haqida chuqur mulohaza yuritishga undaydi.
Manzil: Kimyo International University in Tashkent
Ochilish marosimi: 20-aprel, 2026-yil, soat 10:00
Ko‘rgazma davomiyligi: 20–25 aprel, 2026-yil