None

BasQosu — Oliy taʼlim muassasalari rektorlari Sammiti 17.11.2023


Joriy yilning 17 noyabr kuni Toshkent Kimyo xalqaro universitetida BasQosu — Oliy taʼlim muassasalari rektorlari Sammiti  oʻz ishini boshladi. Sammit Toshkent Kimyo xalqaro universitetining hamkorlaridan biri Almaty Management University tashabbusi bilan amalga oshirildi. 

Mazkur anjumanda ishtirok etish uchun Oʻzbekiston, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Avstraliya, Meksika, Peru hamda Germaniya davlatlaridan 80ga yaqin oliy taʼlim vakillari tashrif buyurishdi. 

Kun tartibiga muvofiq, koʻp qirrali hamkorlik istiqbollari va uni yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik taʼlimning transformatsiyasi, universitetlar tarixi va uning kelajak istiqbollari kabi dolzarb masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. 
Toshkent Kimyo xalqaro universitetining rektor J.Kudaybergenov sammitni ochar ekan, oliy taʼlimdagi yangiliklar va muammolarga oid ushbu muhim tadbirdagi ishtiroki uchun mehmonlarga samimiy minnatdorchilik bildirdi, bu har tomonlama va oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga boʻlgan umumiy intilishlarning tasdigʻi ekanligini taʼkidladi. 

Sammit odatda fikrlar almashish, oliy taʼlimdagi muammolar va tendensiyalarni muhokama qilish hamda universitetlar oʻrtasida hamkorlik va innovatsiyalarni rivojlantirish uchun platforma hisoblanadi.
Shuningdek sammit ilgʻor tajribalarni almashish, hamkorlik tarmoqlarini yaratish va jahon miqyosida oliy taʼlimning kelajak yoʻnalishini shakllantirish uchun muhim ahamiyatga ega.

Sammit yakunida Almaty Management University ning taʼsischisi hamda prezidenti Asilbek Kojaxmetov soʻzga chiqar ekan — “Ushbu tadbir taʼlim muassasalari oʻrtasida ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishiga, hamda Markaziy Osiyodagi oliy taʼlimni rivojlantirish yoʻlida yangi gʻoyalar va fikrlar almashinuviga asos boʻldi deb ishonamiz” — deya tadbirning rasmiy qismini yakunlab berdi. 

Rasmiy tadbir tugagach, mehmonlar Vosiq International school and kindergarten bogʻcha maktabi va Kimyo University Hospital klinikasi faoliyati bilan yaqindan tanishish uchun ekskursiyaga taklif etildilar.