Talabalar almashinuvi dasturi doirasida 1 semestrlik ta’lim uchun Janubiy Koreyaga, xususan Jeonbuk National Universityga ketgan Kimyo International University in Tashkent talabalari bilan joyiga borib uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida talabalar o‘qish jarayoni, darslarning tashkil etilishi, zamonaviy ta’lim muhiti hamda universitet infratuzilmasi haqida batafsil ma’lumot berdilar. Shuningdek, ularning yashash sharoitlari, kundalik hayoti va yangi muhitga moslashish jarayonlari haqida ham fikr almashildi.
Talabalar Janubiy Koreyada tahsil olish ularga nafaqat chuqur bilim olish, balki mustaqil fikrlash, xalqaro muhitda ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim tajriba berayotganini alohida ta’kidladilar.
Mazkur tashrif davomida talabalar bilan ochiq muloqot olib borilib, ularning taklif va fikrlari tinglandi. Bu esa kelgusida xalqaro almashinuv dasturlarini yanada takomillashtirish hamda talabalar uchun qulay sharoitlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.