None

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti talabalari uchun yangi imkoniyat: endilikda Avstraliyada qo‘shma ta’lim dasturlari asosida o‘qish mumkin!


Avstraliyaning Edith Cowan Universiteti (ECU) va Toshkent Kimyo xalqaro universiteti (TKXU) oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Hamkorlik ikki universitet oʻrtasidagi strategik sheriklik, ilmiy-tadqiqot va taʼlim sohasida yangi imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan. Edith Cowan Universitetidan (ECU) kelgan delegatsiya aʼzolariga Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektor Adam Bryers boshchilik qildi. Delegatsiya aʼzolari bilan TKXU taʼsischisi, professor Alisher Vahobov, Rektor v.b., professor Karimjon Axmedjanov, Innovatsiya va ilmiy ishlar boʻyicha prorector, dotsent Jamshid Kaniyevlar uchrashishdi.

Ushbu hamkorlik dastlab muhandislik, iqtisodiyot va ta’lim yoʻnalishlaridagi qoʻshma dasturlar doirasida talabalarning akademik va kasbiy tajribalarini boyitish maqsadida tuzilgan. Hamkorlik doirasida ECU va TKXU oʻzaro talabalar va oʻqituvchilar almashinuvi, qoʻshma ilmiy-tadqiqot loyihalari va seminarlar tashkil etish rejalashtirildi. Bundan tashqari, ikkala universitet ham oʻzlarining ilmiy-tadqiqot laboratoriyalaridan foydalanish imkoniyatlarini taqdim etishga kelishib olishdi. Qoʻshma dasturlarning tashkil etilishi TKXU talabalariga Avstraliyada oʻqish va tadqiqot olib borish imkoniyatlarini beradi. Bu esa, talabalarning xalqaro miqyosdagi ilmiy loyihalarda ishtirok etishlari va kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirishlariga yordam beradi. ECU esa bu hamkorlik orqali Oʻzbekistondagi ilmiy-tadqiqot salohiyatidan foydalanish va oʻz akademik aloqalarini kengaytirishni maqsad qilgan. Shuningdek, memorandum ikkala universitet oʻrtasida qoʻshma ilmiy anjumanlar va davra suhbatlarini tashkil etishni ham nazarda tutadi. Bu tadbirlar soha mutaxassislari, tadqiqotchilar va talabalar uchun fikr almashinuvi hamda yangi gʻoyalarni muhokama qilish platformasi vazifasini oʻtaydi.

Ushbu hamkorlik ikkala universitet uchun ham oʻzaro manfaatli boʻlib, ilmiy-tadqiqot va taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiladi. Avstraliya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi bu kabi akademik aloqalar ikki mamlakat oʻrtasidagi barcha sohalarda oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash hamda ilmiy hamjamiyatlar oʻrtasida vosita bo‘lib xizmat qiladi.