Xalqaro hamkorlik: KIUT va UTMB "yashil" energetika istiqbollarini muhokama qildi
Xalqaro hamkorlik: KIUT va UTMB "yashil" energetika istiqbollarini muhokama qildi
Toshkent Kimyo xalqaro universitetida "Aniq fanlar" hamda "Energetika va amaliy fanlar" kafedralari hamkorligida qayta tiklanuvchi energiya manbalari va xalqaro ilmiy hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarning asosiy ma'ruzachisi doktor Yusuf Ximri bo‘lib, u Toshkent Kimyo xalqaro universiteti (KIUT) hamda Jazoirning Tahri Mohamed Bechar universiteti (UTMB) o‘rtasida "yashil" energetika yo‘nalishidagi hamkorlik istiqbollari haqida ma'ruza qildi.
Uchrashuv davomida quyosh va shamol energetikasi, shuningdek, ekologik toza yoqilg‘i sifatida e'tirof etilayotgan "yashil" vodorod ishlab chiqarish kabi bugungi kunning eng istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Doktor Yusuf Ximri Jazoirda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijalari bilan o‘rtoqlashib, shamol resurslarini baholash, qayta tiklanuvchi energetika loyihalarining iqtisodiy samaradorligini tahlil qilish hamda vodorod infratuzilmasi uchun eng maqbul hududlarni aniqlash bo‘yicha ilg‘or tajribalarni taqdim etdi.
Seminar davomida energetika tizimlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari ham muhokama qilindi. Jumladan, sun'iy intellekt, Buyumlar interneti (IoT) va aqlli boshqaruv tizimlaridan foydalanish orqali energiya samaradorligini oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, quyosh panellari, yoqilg‘i elementlari va boshqa zamonaviy energetika qurilmalarini sinovdan o‘tkazishga mo‘ljallangan ilg‘or laboratoriya uskunalari haqida ma'lumot berildi.
Seminar yakunida tomonlar kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Ular qatoriga professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, PhD tadqiqotchilariga qo‘shma ilmiy rahbarlik qilish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar hamda Jazoir va O‘zbekistonning ilmiy salohiyatini birlashtiruvchi pilot loyihalarni amalga oshirish kiradi.
Mazkur hamkorlik ikki universitet o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash, innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish va barqaror energetika sohasida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.