English Education
English Education bakalavriat ta’lim yo‘nalishi ingliz tilini mukammal biladigan, zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida dars bera oladigan hamda xalqaro ta’lim muhitida ishlashga tayyor mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan. Dastur CLIL metodikasi asosida tashkil etilgan bo‘lib, talabalar ingliz tilini chuqur o‘rganish bilan birga uni turli fanlar bilan integratsiyalashgan holda o‘qitish ko‘nikmalariga ham ega bo‘ladilar.
Ta’lim jarayonida talabalar:
- tinglab tushunish, gapirish, o‘qish va yozish ko‘nikmalarini rivojlantiradi
- zamonaviy o‘qitish metodikalarini o‘rganadi
- raqamli platformalar bilan ishlashni o‘zlashtiradi
- o‘quv materiallarini yaratish va baholash tizimlari bilan ishlashni o‘rganadi
- tadqiqot olib borish ko‘nikmalariga ega bo‘ladi
O‘quv rejasi haqida umumiy ma’lumot
English Education 4 yillik bakalavriat dasturi bo‘lib, 148 kreditni o‘z ichiga oladi. Dastur nazariy bilim bilan bir qatorda amaliy tayyorgarlikka ham alohida e’tibor qaratadi.
1-o‘quv yilida talabalar ingliz tili bo‘yicha mustahkam tayanch bilimlarga ega bo‘ladilar. Academic Reading, English Listening and Speaking, Academic Writing, Grammar and Vocabulary kabi fanlar orqali asosiy til ko‘nikmalari rivojlantiriladi.
2-o‘quv yilida talabalar tilni o‘qitish metodikasini chuqur o‘rganishni boshlaydilar. Digital Classroom, Modern Teaching Methods va Language Teaching kabi fanlar orqali zamonaviy dars tashkil etish ko‘nikmalari shakllantiriladi.
3-o‘quv yilida CLIL, Classroom Management, Materials Design va Syllabus Design kabi kasbiy fanlar o‘qitiladi. Talabalar dars rejalashtirish, o‘quv materiallarini yaratish va turli fanlarni ingliz tilida o‘qitish bo‘yicha amaliy tajriba orttiradilar.
4-o‘quv yilida esa Testing and Assessment, Research Methods kabi fanlar orqali talabalar ilmiy-tadqiqot va professional pedagogik faoliyatga tayyorlanadilar. Dastur yakunida kengaytirilgan pedagogik amaliyot tashkil etiladi.
Dastur mazmunining o‘ziga xosligi
Dastur talabalarga ingliz tilini o‘qitish bilan birga fanlararo bilim va ko‘nikmalarni ham beradi. Shu jihatdan bitiruvchilar zamonaviy maktablar, xalqaro ta’lim muassasalari va global mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllanadilar.
Dastur tarkibida arab, xitoy, italyan, yapon, koreys, fors va turk tillari bo‘yicha tanlov fanlari ham mavjud. Bu esa talabalarning xalqaro akademik va kasbiy imkoniyatlarini kengaytiradi.
2) Xalqaro hamkorliklar va ta’lim dasturlari
English Education yo‘nalishi xalqaro akademik hamkorlik va talabalar mobilligini qo‘llab-quvvatlaydi. Talabalar Riga Technical University, Istanbul Aydın University, University of Greenwich hamda Janubiy Koreyaning bir qator universitetlari bilan tashkil etilgan akademik almashinuv dasturlarida qatnashish imkoniyatiga ega.
Talabalar uchun:
- 2+2 dasturlari
- exchange dasturlari
- xorijda o‘qish va internship imkoniyatlari
mavjud bo‘lib, ular xalqaro ta’lim tajribasini qo‘lga kiritish imkonini beradi.
3) Bitiruvchilarning faoliyat sohalari va diplom
English Education yo‘nalishi bitiruvchilari umumta’lim maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar, akademik litseylar, o‘quv markazlari va xalqaro ta’lim muassasalarida ingliz tili o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritishlari mumkin.
Shuningdek, ular:
- jurnalistika
- marketing
- tarjima
- tilshunoslik
- media va kommunikatsiya
- kontent yaratish
sohalarida ham muvaffaqiyatli faoliyat olib borishlari mumkin.
Diplomda qayd etiladigan mutaxassislik nomi:
60110900 — Xorijiy til va adabiyoti (ingliz tili)
4) Yo‘nalishning yutuqlari
English Education yo‘nalishida communicative language teaching, project-based learning, flipped learning hamda EMI/CLIL kabi zamonaviy metodikalardan foydalaniladi.
Yo‘nalish doirasida:
- 10 dan ortiq ilmiy maqolalar
- 20 dan ortiq konferensiya ishtiroki
- Change Academy loyihasi amalga oshirilgan.
Yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan barcha professor-o‘qituvchilar EMI formatida dars bera oladi. Kelgusida xalqaro hamkorliklarni kengaytirish, sun’iy intellekt asosidagi baholash tizimlarini joriy etish hamda CLIL va EMI asosidagi tayyorgarlikni yanada rivojlantirish rejalashtirilgan.