Bugun rasmiy tashrif doirasida vakillarimiz Hanyang universitetiga tashrif buyurishdi
Unda ikki tomonlama aloqalarga doir bir qator masalalar, xususan, Toshkent Kimyo xalqaro universitetining professor-oʻqituvchilarini Hanyang universitetiga malaka oshirishga yuborish, qoʻshma taʼlim dasturlari, talabalar almashinuvi kabi yoʻnalishlarda faol hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, ilmiy salohiyat va innovatsion laboratoriyalar imkoniyatlari asosida tajriba oʻrganish imkoniyatlariga katta eʼtibor qaratildi.
Muloqot davomida tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va rivojlantirish masalalarini tartibga soluvchi “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etishga kelishib olindi. Eslatib oʻtamiz, hozirda koʻpchilik talabalarimiz Hanyang universitetida 2+2 dasturi boʻyicha tahsil olishmoqda.
Maʻlumot oʻrnida: Hanyang universiteti Janubiy Koreyadagi xususiy universitetlardan biri boʻlib, uning asosiy kampusi Seulda, ikkinchisi, Taʼlim tadqiqotlari sanoati klasteri yoki ERICA kampusi Ansan shahrida joylashgan. Hanyang (hanyang; hàngàng) Chosun sulolasi davrida ishlatilgan poytaxt Seulning sobiq nomidan kelib chiqqan.
Xanyang universiteti 1939 yilda Dong-A muhandislik instituti sifatida tashkil etilgan boʻlib, keyinchalik ushbu taʼlim mussasasi Xanyan universitetining asosiga aylandi. Universitet Koreyada birinchi arxitektura va qurilish muhandisligi maktabini tashkil etdi.
Hanyang universiteti 330,000 bitiruvchilar tarmogʻiga ega boʻlib, ular nafaqat muhandislik, balki boshqa sohalarda ham yutuqlarga erishmoqdalar. 2019-yilda QS World University Rankings Hanyang universitetini 150-oʻringa qoʻydi.
Universitet har yili 7400 dan ortiq chet ellik talabalarni qabul qiladi va 3000 dan ortiq talaba chet elda tahsil oladi. Hanyang universiteti oʻzining 88 mamlakatdagi 820 ta hamkor universitetlari qatoriga Massachusets texnologiya instituti, Kembrij universiteti va Tsingxua universitetlarini kiritadi.