Today at Kimyo International University in Tashkent, together with Almaty Management University (Kazakhstan), an international conference was held on the topic "Management education for sustainable development of Central Asia."

Bugun Toshkent Kimyo xalqaro universitetida Qozogʻistonning Almati Menejment Universiteti bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish uchun menejment taʼlimi” masalalariga bagʻishlangan xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi


Anjumanda oliy taʼlim sohasi mutaxassislari, davlat, biznes va jamiyat vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyada menejment taʼlimi oldida turgan muammolar va yoʻnalishlar muhokama qilindi. Tadbirda oʻz taqdimotlari bilan ishtirok etgan spikerlar Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishi uchun menejment taʼlimining muhimligini taʼkidlab oʻtishdi.
Hozirda dunyo bo’ylab geosiyosiy, moliyaviy va texnologik oʻzgarishlar roʻy bermoqda, iqlim oʻzgarishi, migratsiya, energiyaga boʻlgan talab va uni ishlab chiqarish bilan bogʻliq muammolar kuchaymoqda. Demak, yuzaga kelayotgan muammolar oqibatida taʼlimning barcha bosqichlarida va barcha taʼlim muassasalariga odamlarni yangi davrga tayyorlash masʼuliyati yuklangan. Aynan shu masʼuliyat kelajakda taʼlimni boshqaruv tizimiga yangicha qoʻllanmalar va usullar olib kirishni taqozo qiladi. 
Jumladan, dinamik jamiyatlarda menejmentni rivojlantirish xalqaro assotsiatsiyasi rahbari professor Danica Purg oʻz nutqida “Yangi zamon yangi menejment maktablarini, yangi menejment maktablari esa yangi pedagog va tadqiqotchilarni talab qiladi. Biz ushbu oʻzgarishlarga moslashuvchanlikni, oʻzgaruvchanlikni oshirish yoʻllarini topishimiz kerak” — deya taʼkidladi.
Shuningdek, konferensiyada ta’lim menejmintiga oid quyidagi dolzarb mavzularda muhokamalar boʻlib oʻtdi: menejment taʼlimi boʻyicha biznes istiqboli, BMT barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda universitetlar va biznesning roli, Markaziy Osiyo mintaqasida menejment taʼlimining muammolari.  
Taqdimotchilar maʼruzalari yakunida talabalar va ustozlar bilan savol-javob shaklida suhbat oʻtkazdilar hamda takliflar bilan almashdilar. Xorijdan kelgan mehmonlari uchun Toshkent Kimyo xalqaro universiteti kampusi boʻylab tanishtiruv ekskursiyasi tashkil qilindi.