
Endilikda Toshkent Kimyo xalqaro universiteti talabalari Yaponiya kompaniyalarida ishlash imkoniyatiga ega bo’lishadi
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti (TKXU)ga Yaponiyaning nufuzli kompaniyalari va ta’lim markazlari vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Ularning safida Noritsuisu, Umajirushi, ACES Japan kabi yirik kompaniyalar hamda Ouka yapon ta’lim markazi rahbarlari bor edi.
Yaponiya dunyodagi eng ilg‘or ta’lim tizimlaridan biriga ega bo‘lib, unda intizom, sifat va amaliyotga alohida e’tibor qaratiladi.
Mehnat bozori nuqtayi nazaridan Yaponiya dunyoning eng innovatsion va yuqori malakali ishchi kuchiga ega davlatlaridan biri hisoblanadi. Ish beruvchilar xodimlarning mas’uliyati, intizomi va kasbiy mahoratiga katta e’tibor qaratadi. Xususan, muhandislik, texnologiya va qurilish sohalarida xorijiy mutaxassislarga talab ortib bormoqda. Shu sababli TKXU bitiruvchilarining Yaponiya kompaniyalarida ishga joylashishi ularga katta imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.
Mazkur tashrifning asosiy maqsadi TKXU va Yaponiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida istiqbolli akademik dasturlarni ishlab chiqish, universitet talabalarining xalqaro mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish hamda Yaponiya kompaniyalarida amaliyot va malaka oshirish imkoniyatlarini yaratishdan iborat bo‘ldi. Xususan, talabalar uchun 4-6-10 oylik to‘lovli amaliyot dasturlari ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.
Yaponiyada ishlashning asosiy talablaridan biri – yapon tilini mukammal bilishdir. Shu maqsadda universitet qoshida maxsus yapon tili kurslari tashkil etilgan bo‘lib, ayniqsa, arxitektura va qurilish yo‘nalishi talabalari ushbu dasturda faol ishtirok etmoqda. Bu kelajakda Yaponiya kompaniyalarida ish topish va malaka oshirish imkoniyatlarini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Bu tashabbus kelajakda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga zamin yaratadi.
Mazkur uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy va ishbilarmonlik aloqalarining mustahkamlanishida muhim qadam bo‘ldi.
Ma’lumot oʻrnida, Toshkent Kimyo xalqaro universiteti ilk bor Toshkent shahridagi Yеodju texnika instituti nomi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining 2018-yil 24-iyuldagi №OT 0002 (033297) davlat litsenziyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-dekabrdagi №1007 qarori asosida mamlakatdagi birinchi xususiy oliy taʼlim muassasasi sifatida tashkil etilgan.
Universitet birinchi va ikkinchi mutaxassislik boʻyicha yuqori malakali bakalavrlarni (kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllarida) hamda magistrlarni (kunduzgi taʼlim shaklida) tayyorlaydi. Ta’lim oʻzbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi. Аkademik faoliyatni Janubiy Koreya, АQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya va Malayziya kabi ta’lim sohasida yetakchi sanalmish xorijiy mamlakatlarning nufuzli universitetlari bitiruvchilari boʻlgan xalqaro va mahalliy professorlar amalga oshiradilar.
Hozirgi kunda TKXU ning 5 ta taʼlim maktabi tarkibida 37 ta bakalavriat va 22 ta magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlanmoqda. 2021/2022 oʻquv yilida universitetning Namangan shahridagi, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab esa Samarqand shahridagi filiallarining faoliyati yoʻlga qoʻyildi. 2022-yilda Oʻzbekistonning nodavlat oliy oʻquv yurtlari orasida TKXU birinchilardan boʻlib KAZSEE va IQAA agentliklarining taʼlim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi sertifikatlariga ega boʻldi.
TKXU taʼlim xizmatlarini koʻrsatish uchun barcha litsenziyalarga ega bo‘lib, universitet bitiruvchilariga taqdim etiladigan diplom Oʻzbekiston hududida toʻlaqonli tan olinadi.