KIUT magistrantlari xalqaro konferensiyada “Eng yaxshi ilmiy ma’ruzachi” nominatsiyasi bilan taqdirlandi
Toshkent Kimyo xalqaro universitetining Koreys filologiyasi magistratura yo‘nalishi 2-bosqich talabalari Dilbar Noriyeva va Madina Ibragimova Qozog‘istonning Almati shahrida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy konferensiyada ishtirok etib, “Eng yaxshi ilmiy ma’ruzachi” (우수발표상) nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlandi.
2026-yil 10–11-noyabr kunlari Ablayxon nomidagi Xalqaro munosabatlar va jahon tillari universitetida bo‘lib o‘tgan MDH talabalari va magistrantlarining XI Koreyashunoslik ilmiy konferensiyasida 5 ta davlat, 8 ta shahar va 16 ta oliy ta’lim muassasasi vakillari qatnashdi.
Konferensiya Markaziy Yevroosiyo tadqiqotlari uyushmasining ta’sis yig‘ilishi bilan birgalikda tashkil etilib, unda koreyashunoslik sohasidagi ilmiy tadqiqotlar va xalqaro akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Magistrantlarimizni ushbu yutuq bilan tabriklaymiz va ilmiy faoliyatlarida muvaffaqiyat tilaymiz!