KIUT va dunyoning TOP-50 universitetlaridan biri — Monash University hamkorlikni boshladi
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti (KIUT) va Avstraliyaning yetakchi universitetlaridan biri — Monash University o‘rtasida hamkorlik memorandumi (MoU) imzolandi. Monash University QS World University Rankings 2027 reytingida dunyoda 31-o‘rinni egallaydi.
Memorandumni imzolash marosimi ikki universitet ishtirokida masofaviy formatda o‘tkazildi.
Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri — talabalar akademik mobilligi. Memorandum doirasida KIUT talabalari uchun Monash Universityda bir semestrdan ikki yilgacha tahsil olish imkonini beruvchi akademik va mobility dasturlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, hamkorlik professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, xalqaro konferensiya va seminarlar tashkil etish, akademik hamda ilmiy tajriba almashishni qamrab oladi.
Monash University bilan hamkorlik KIUT talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun dunyoning yetakchi universitetlaridan biri bilan bevosita akademik aloqalarni rivojlantirish va yangi xalqaro dasturlarda ishtirok etish imkoniyatini kengaytiradi.