KIUT va Xitoy hamkor universiteti sun’iy intellekt hamda yangi media kurslarini yo‘lga qo‘ydi
Toshkent Kimyo xalqaro universitetida Xitoyning Yellow River Conservancy Technical University delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tashrif doirasida hamkorlik shartnomasi imzolandi, O‘zbekistonda “Dahe Workshop” ta’lim bazasi ochildi hamda ikki universitet hamkorligida ishlab chiqilgan Sun’iy intellekt va Yangi media kurslariga start berildi.
Yangi kurslar talabalarga jadal rivojlanayotgan raqamli sohalar bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni egallash imkonini beradi. “Dahe Workshop” esa ta’lim, malaka oshirish va tajriba almashish uchun doimiy platforma vazifasini bajaradi.
Hamkorlik doirasida dastlabki amaliy natijalar ham mavjud. 2025-yil iyul oyida KIUTning 16 nafar professor-o‘qituvchisi Xitoyda 10 kunlik malaka oshirish dasturida qatnashdi. Dastur ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar va qo‘shma ilmiy seminarlarni qamrab oldi. Shuningdek, o‘qituvchilar malakasini oshirish va talabalar uchun ta’lim sayohatlarini tashkil etishga mo‘ljallangan bazalar tashkil qilindi.
Toshkentdagi uchrashuvda talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar hamda yangi o‘quv dasturlarini ishlab chiqish masalalari ham muhokama qilindi.