KIUTda intellektual mulk masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi
Toshkent Kimyo xalqaro universitetida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi bilan hamkorlikda “Intellektual mulk: imkoniyatlar va kelajak” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda intellektual mulk sohasidagi dolzarb masalalar, mavjud imkoniyatlar hamda amaliy tavsiyalar muhokama qilindi. Mutaxassislar intellektual faoliyat natijalarini huquqiy himoya qilish, mualliflik huquqi, ishlanmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha tushuntirishlar berdilar.
Seminar-treningda universitet kafedra mudirlari, ilmiy xodimlar va tegishli yo‘nalish mutaxassislari ishtirok etdi. Savol-javob va fikr almashish shaklida o‘tgan uchrashuv ishtirokchilarga o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha bevosita mutaxassislardan javob olish imkonini berdi.
Bunday uchrashuvlar universitetda yaratilayotgan ilmiy ishlanmalar va yangi g‘oyalarni nafaqat yaratish, balki ularning mualliflik va intellektual mulk huquqlarini to‘g‘ri himoya qilish madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.