Ambassador of the Republic of Korea to Uzbekistan Kim Hee Sang visited the Kimyo International University in Tashkent.

Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Kim Xi Sang Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga tashrif buyurdi.


Bugun Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Kim Xi Sang Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga tashrif buyurdi. Oliy darajadagi mehmonni universitet rektori J.Kudaybergenov kutib oldi. Uchrashuvda elchi janoblari Janubiy Koreya universitetlari va ilmiy tadqiqot markazlari bilan hamkorlik aloqalari, hamda «Oʻzbekiston-Koreya» doʻstlik jamiyati faoliyati haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, tomonlar Oʻzbekiston va Koreya doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirishdagi taʼlim va tadqiqot ishlarida, hamkorlikning yangi bosqichlarida birgalikda ishlashga tayyor ekanligini aytib oʻtishdi. Taʼlim sohasidagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirildi. Muzokaralardan soʻng, elchi janoblari universitet talabalari uchun “THE STATUS AND FUTURE PERSPECTIVES OF RELATIONS BETWEEN SOUTH KOREA AND UZBEKISTAN” (“Janubiy Koreya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarning hoziri va kelajak istiqbollari”) mavzusida taqdimot qildilar. Talabalar taqdimotdan soʻng Koreyada taʼlim, grant va qoʻshma dasturlarga oid oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Universitetning aksariyat talabalari koreys tilini mukammal oʻzlashtirgani va talabalarning Koreya madaniyatiga katta qiziqishi mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi.  Taqdimotdan soʻng, elchi janoblari universitetda talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishib chiqdi.  Muhandislik yoʻnalishi talabalari uchun tashkil qilingan laboratoriyalar va muqobil energiya manbalarini olish uchun olib borilayotgan izlanishlar mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.  Uchrashuv samimiy, ochiq va doʻstona ruhda yakunlandi. 

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning noyabr oyida Toshkent Kimyo xalqaro universiteti taʼsischisi A.Vaxobov va rektor J.Kudaybergenov  boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyaning bir qator nufuzli universitetlari bilan taʼlim sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyib qaytgan edi.