Toshkent Kimyo xalqaro universiteti rektori, professor Akmal Allakuliev boshchiligidagi delegatsiya Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tayotgan UI GreenMetric Sustainable University Rankings 2026 Results & Awards Ceremony xalqaro tadbirida ishtirok etdi
Tadbirda universitetlarning ekologik barqarorligini ta’minlash, yashil kampuslarni rivojlantirish, resurslardan oqilona foydalanish hamda barqaror rivojlanish tamoyillarini ta’lim va boshqaruvga tatbiq etish bo‘yicha xalqaro tajriba va yondashuvlar muhokama qilindi.
UI GreenMetric universitetlarni ekologik barqarorlik, yashil infratuzilma, energiya va suv resurslaridan foydalanish, chiqindilarni boshqarish, transport, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar kabi mezonlar asosida baholaydigan xalqaro reyting tizimidir.
Tashrif doirasida KIUT delegatsiyasi UI GreenMetric raisi Dr. Vishnu Juwono bilan uchrashdi. Muzokaralarda KIUTning reytingdagi ishtirokini izchil davom ettirish, universitetda yashil kampus va barqaror rivojlanish tashabbuslarini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, 2027-yilda UI GreenMetric xalqaro tadbirlaridan birini O‘zbekistonda, Toshkent Kimyo xalqaro universiteti mezbonligida o‘tkazish imkoniyati muhokama qilindi.