Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Chungbuk milliy universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Chungbuk milliy universiteti (Chungbuk National University) Janubiy Koreyada Seul milliy universiteti bilan bir qatorda turadigan Koreyaning eng nufuzli milliy universitetlaridan biri hisoblanadi. Ushbu universitet Glokal universitet maqomiga ega. Yaʼni Janubiy Koreya hukumati tomonidan katta ilmiy-tadqiqot byudjeti ajratilgan boʻlib, bu xorijdan kelgan isteʼdodli talabalarga moliyaviy yuklamasiz tadqiqotlar olib borishga imkon beradi.
Janubiy Koreyaga tashrif davomida, Toshkent Kimyo xalqaro universitetining taʼsischisi professor A.Vakhobov va Chungbuk milliy universitetining oʻquv-ishlari boʻyicha prorektori professor Park Yoo Sik oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muzokaralar yakuni bo‘yicha tomonlar o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum imzolanishi natijasida, o‘zaro professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma tadqiqot loyihalari, hamda o‘quv dasturlarini rivojlantirish yo‘lga qo‘yiladi. Hamkorlik doirasida 2024 yildan boshlab “Biznesni boshqarish”, “Sunʼiy intellekt” va “Koreys filologiyasi” kabi yoʻnalishlarda 3,5 yillik bakalavriat va 1,5 yillik magistratura qo‘shma dasturlari amalga oshiriladi. Bu dasturlar talabalarga bakalavriat va magistratura dasturlarini 5 yil ichida qo‘yakunlash imkoniyatini beradi. Shuningdek, ikki universitet oʻrtasida 2+2 bakalavriat va 1+1 magistratura dasturlarini yaratish kabi oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Bu dasturlar talabalar uchun taʼlim olish jarayonida vaqt va resurslarni tejash imkonini beradi, shuningdek, ikki universitetda bir vaqtning oʻzida taʼlim olish orqali xalqaro miqyosda tan olingan diplom olish imkoniyatini yaratadi.
Magistraturada professor-oʻqituvchilar bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borish jarayonida talabalar barcha ilmiy-tadqiqot va yashash xarajatlarini qoplash imkonini beruvchi dasturlar ham mavjud boʻlib, xorijdan kelgan iqtidorli talabalarga aqliy resurslrini faqat oʻqishga qaratish imkonini beradi.
Ushbu hamkorlik nafaqat oʻquv jarayonida, balki xalqaro ilmiy loyihalarda ham ishtirok etish imkonini beradi va ikki tomonlama akademik aloqalarni mustahkamlashga zamin yaratadi.