Toshkent Kimyo xalqaro universitetida Erasmus+ dasturi doirasida “Yashil kelishuv” mavzusida xalqaro uchrashuv bo‘lib o‘tdi
22-oktabr kuni Toshkent Kimyo xalqaro universitetida Erasmus+ dasturining oliy ta’lim salohiyatini oshirish (CBHE) loyihalari doirasida ekologik barqarorlik va “Yashil kelishuv” (Green Deal) mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro klaster uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekistondagi Erasmus+ milliy ofisi, tegishli vazirlik va idoralar, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamda Toshkent Kimyo xalqaro universiteti hamkorligida tashkil etildi.
Uchrashuvda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toivo Klaar, universitet rektori Akmal Allakuliev, davlat tashkilotlari va ekologiya sohasi mutaxassislari, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi Erasmus+ milliy ofislari vakillari hamda xalqaro loyiha koordinatorlari ishtirok etdi.
Anjumanda oliy ta’limda ekologik barqarorlikni ta’minlash, yashil texnologiyalarni joriy etish, universitetlar va sanoat korxonalari hamkorligini rivojlantirish hamda Erasmus+ loyihalarining uzoq muddatli samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Dastur doirasida GreenEngine, GREENDT va SPHERE loyihalarining universitet faoliyatiga ta’siri taqdim etildi. Shuningdek, WASTE-UZ, UzEcoDigiT, GreenPath, DIGI4ENERGYS va GreenTex kabi yangi xalqaro loyihalar namoyish etildi.
Toshkent Kimyo xalqaro universitetining xalqaro hamkorlik bo‘limi Erasmus+ koordinatori Farhod Niyozov yashil transformatsiya jarayonida xalqaro loyihalarning universitet va ta’lim tizimiga ta’siri yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik, ekologik innovatsiyalar, aylanma iqtisodiyot, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi hamda xalqaro grantlar yakunlangandan keyin loyiha natijalarining davomiyligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir doirasida tematik loyihalar ko‘rgazmasi, ekspertlar ishtirokidagi amaliy seminarlar va xalqaro tajriba almashish sessiyalari tashkil etildi.
Mazkur uchrashuv oliy ta’lim muassasalari, davlat tashkilotlari va xalqaro hamkorlar o‘rtasida ekologik barqarorlik yo‘nalishidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.