KIUT talabalari Xitoyda: liboslar dizayni bo‘yicha 10 kunlik xalqaro amaliyot boshlandi
Toshkent Kimyo xalqaro universitetining Liboslar dizayni yo‘nalishi talabalari Xitoyning Hebei Art and Design Academy oliy ta’lim muassasasida 10 kunlik amaliyot dasturini boshladi. Bugun mazkur dastur doirasida rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Dekan o‘rinbosari Mirsobit Odilov boshchiligidagi talabalar delegatsiyasi uchun ushbu tashrif xorijiy ta’lim muhiti bilan tanishish, xalqaro tajriba orttirish va dizayn sohasidagi kasbiy dunyoqarashini kengaytirish imkoniyatidir.
Xitoyning moda va to‘qimachilik sanoatidagi o‘rni alohida e’tiborga loyiq. Mamlakat dunyodagi eng yirik kiyim-kechak va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi. Bu yerda ko‘p asrlik ipakchilik, kashtachilik va an’anaviy liboslar madaniyati zamonaviy moda industriyasi bilan uyg‘unlashib kelmoqda.
Talabalar tashrif buyurgan Hebei Art and Design Academy Xitoyning Xebey provinsiyasida joylashgan bo‘lib, 2002-yilda tashkil etilgan. Akademiyada tasviriy san’at, liboslar dizayni, raqamli san’at, animatsiya va boshqa ijodiy yo‘nalishlarga e’tibor qaratiladi. Muassasada liboslar dizayni bo‘yicha tadqiqot faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.
Xitoy dizayn maktabining o‘ziga xos jihatlaridan biri — milliy badiiy merosni zamonaviy materiallar, texnologiyalar va yangi estetik qarashlar bilan birlashtirishidir. Ayniqsa, ipak matolar, an’anaviy naqshlar, ranglar uyg‘unligi va kiyim konstruksiyasiga bo‘lgan yondashuv bo‘lajak dizaynerlar uchun qiziqarli tajriba manbai bo‘la oladi.
Bunday amaliyotlar talabalarga nafaqat yangi bilim olish, balki o‘z ijodiy ishlariga boshqa madaniyat nuqtayi nazaridan qarash imkonini ham beradi. Chunki dizayner uchun texnik mahorat qanchalik muhim bo‘lsa, turli xalqlarning estetik qarashlarini tushunish ham shunchalik ahamiyatlidir.
Mazkur 10 kunlik dastur Toshkent Kimyo xalqaro universitetida ijodiy ta’lim yo‘nalishlarini rivojlantirish, xalqaro akademik aloqalarni mustahkamlash va talabalarni jahon dizayn tajribasi bilan yaqindan tanishtirish yo‘lidagi navbatdagi amaliy qadamdir.
Xitoydagi amaliyotning keyingi bosqichlari va talabalar taassurotlari haqida kelgusi xabarlarda ma’lumot beramiz.