Yesterday, an official delegation headed by the founder of the Kimyo International University in Tashkent A.Vakhobov and the rector J.Kudaybergenov arrived in South Korea.

Kuni kecha, Toshkent Kimyo xalqaro universitetining taʼsischisi A.Vaxobov va rektor J.Kudaybergenov boshchiligidagi rasmiy delegatsiya Janubiy Koreyaga yetib bordi.


Bugun delegatsiya aʼzolari Gachon universitetiga tashrif buyurishdi. Tashrif doirasida Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Gachon universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi. 

Tashrifdan koʻzlangan maqsad - mavjud hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qoʻshma dasturlar koʻlamini kengaytirish, professor-oʻqituvchi va talabalar almashinuvi masalalarini muhokama qilishdan iborat boʻldi. 

Shu bilan birga, delegatsiya aʼzolari hozirda 2+2, 3+1 kabi dasturlarda tahsil olish uchun Gachon universitetiga ketgan talabalarimizning yashash sharoitidan ham xabar olishdi. Talabalarimizga yaratilgan shart-sharoitlar, oʻquv jarayonlari bilan yaqindan tanishib chiqishdi. 

Uchrashuv yakunida hamkorlikning boshqa yoʻnalishlarini muhokama qilish boʻyicha muloqotlarni muntazam tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Maʼlumot uchun: Gachon universiteti 2012-yilda toʻrtta universitetni, jumladan, Gachon tibbiyot kolleji, Kyungvon universiteti, Gachon Gil universiteti va Kyungvon kollejini birlashtirgan holda ochilgan keng qamrovli universitetdir. Gachon universiteti misolida aytish mumkinki Koreyada birinchi marta 4 yillik xususiy universitetlar integratsiyalashgan. Gachon universiteti Seongnam, Gyeonggi-do shaharlarida global kampus va Incheondagi tibbiyot, farmatsevtika, hamshiralik ishi va sogʻliqni saqlash fanlari kollejlarini oʻz ichiga olgan tibbiy kampuslarni boshqaradi.

2021 oʻquv yilidan beri 14 ta kollej, 8 ta boʻlim (20 ta mutaxassislik) va 46 ta kafedra mavjud. 2022 yil sentyabr holatiga koʻra, ushbu OTM 24,748 talabaga (shu jumladan, 2,928 aspirant) ega boʻlgan keng koʻlamli universitetdir.