A student of Kimyo International University in Tashkent is heading to Qatar to participate in the "Seeds for the Future" educational project

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti talabasi “Seed for the Future” ta’lim loyihasida ishtirok etish uchun Qatarga jo‘nab ketadi


2023 yilning 30 avgust kuni Huawei kompaniyasining O‘zbekiston talabalari uchun mo‘ljallangan“Seed for the Future” - har yilgi ta’lim loyihasiga start berildi. Raqamli texnologiyalar vazirligida Huawei kompaniyasining butun dunyo bo‘ylab iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan korporativ ijtimoiy tashabbusi doirasidagi “Seed for the Future” ta’lim loyihasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Loyiha ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, ularning Dohaga safari oldidan, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ochilish marosimida tabrik so‘zi bilan ishtirok etdi va ishtirokchilarga kelgusidagi faoliyatlariga muvaffaqiyat tiladi.
Avval xabar berganimizdek, “Axborot tizimlari muhandisligi” yo‘nalishining 3-kurs talabasi Oleg Pak mazkur tanlov g‘oliblaridan biri bo‘ldi. Oleg, shuningdek, EPAM Uzbekistan xalqaro kompaniyasida dasturiy ta’minot muhandisdir. Talabamiz hamda O‘zbekistonning 6 ta oliy ta’lim muassasalaridan 14 nafar talaba Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida IT yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olish va Tech4Good mintaqaviy tanlovida qatnashish uchun Qatarga yo‘l oladi.
Joriy yilda Doha shahrida o‘zbekistonlik talabalar bilan birgalikda loyihada Qatar, Saudiya Arabistoni, Quvayt, BAA, Bahrayn, Qozog‘iston, Pokiston, Ummon, Iordaniya, Livan, Iroq, Ozarbayjon, Mo‘g‘uliston va Qirg‘iziston kabi 15 ta Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari universitetlaridan 175 nafar talaba ishtirok etadi. 2023 yilning 2-9 sentabr kunlari “Seed for the Future” dasturi davomida ishtirokchilar raqamli texnologiyalar bo‘yicha o‘z bilimlarini yaxshilash, tajriba almashish, AKT sohasidagi ko‘nikmalarini oshirish, yosh iste'dodlarning raqamli hamjamiyatini rivojlantirish uchun birlashadilar, shuningdek, Tech4Good tanlovida ishtirok etish uchun o‘z loyihalarini yaratadilar. Tanlovning maqsadi - barqaror rivojlanish maqsadlariga (BMT BRM) erishish uchun raqamli yechimlarni qo‘llash orqali yoshlarni mahalliy hamjamiyatlarida ijobiy o‘zgarishlarni shakllantirishga jalb qilishdir. Ishtirokchilar Tech4Good tanlovida o‘z loyihalarini muvaffaqiyatli taqdim etgan taqdirda, 2023 yilning 10-16 sentabr kunlari Dubayda bo‘lib o‘tadigan ikkinchi bosqichga o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Akseleratsiya dasturi natijalariga ko‘ra, Tech4Good g‘oliblari Xitoyda bo‘lib o‘tadigan yakuniy global tanlovda qatnashish huquqini qo‘lga kiritadilar.