Aholini ro‘yxatga olish tadbiri qanday maqsadlarga xizmat qiladi?
Eng avvalo, ro‘yxatga olish mamlakat aholisining aniq sonini, tarkibi va yashash sharoiti haqidagi ma’lumotlarni bilish imkonini beradi. Asosiysi, bu natijalarni umumlashgan, ya’ni shaxssizlantirilgan ko‘rinishda turli jadvallarda aks ettirish va ulardan nafaqat butun mamlakat, balki aholining turli toifalari hamda hududlar bo‘yicha ham tahlil qilishda foydalanish mumkin. Bunda aholi soni, oilaviy ahvoli, ma’lumoti, kasbi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi sohalar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘planadi. Ushbu ma’lumotlar aholining istiqboldagi hisob-kitoblari va yaqin yillarda mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan sog‘liqni saqlash hamda maktab ta’limi sohasidagi o‘tgan yilgi holat va istiqbol imkoniyatlari haqida o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, 2022 yil boshida respublikada 1281 ta shifoxona mavjud bo‘lib, har 10 ming kishiga 46,9 ta shifoxona o‘rni to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, bir smenada 683 ming kishini qabul qiladigan 6676 ta ambulatoriya-poliklinika faoliyat ko‘rsatgan. Ushbu muassasalarda 95,6 ming tibbiyot xodimi ishlagan, ya’ni har 10 ming kishiga 27,1 nafar tibbiyot xodimi yoki bir shifokorga 369 bemor to‘g‘ri kelgan. 2035 yilga borib, fuqarolar salomatligini saqlash va mustahkamlash maqsadida ambulatoriya-poliklinikalar sonini 8450 taga yetkazish zarur (bitta ambulatoriya-poliklinika 18 ming 500 kishiga mo‘ljallangan). Prognozlarga ko‘ra, respublika aholisi yiliga o‘rta hisobda 711 ming kishiga ko‘payadi. O‘sish shunday yuz bergan taqdirda ham shifokorlar va hamshiralar zimmasiga tushadigan yuklama ortib ketmasligi kutilmoqda. 2035 yilga borib, shifokorlar bilan ta’minlanish darajasi 10 ming kishiga 28,4 nafarni, hamshiralar bilan ta’minlanish darajasi esa 116,8 nafarni tashkil etadi. 2023 yil boshida 3-6 yosh oralig‘ida bo‘lgan bolalar soni 2 million 925,2 ming nafar bo‘lsa, 2035 yilga borib, 3 million 738,3 mingga yetishi kutilmoqda. O‘tgan yil boshida respublikada 29 ming 420 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan, ulardagi tarbiyalanuvchilar soni 2,1 million nafarni tashkil etgan (qamrab olish darajasi 71,8 foiz). 3-6 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish bo‘yicha mavjud ko‘rsatkichlarni saqlab qolish, shuningdek, kelajakda dunyoning rivojlangan mamlakatlari (90 foizga yaqin) darajasiga erishish uchun respublikaning barcha hududlarida 1 million 264 ming bolaga mo‘ljallangan yangi o‘rinlar barpo etish zarur. Barchani qamrab olish uchun budjetdan qo‘shimcha 37 trillion so‘m ajratish taqozo etiladi. 2022/2023 o‘quv yilida jami o‘quvchilar soni 6 million 461,7 ming, o‘qituvchilar soni esa 540,7 ming nafarni (o‘rindoshlardan tashqari) tashkil etdi, ya’ni har bir o‘qituvchiga 11,9 nafar o‘quvchi to‘g‘ri keldi. Mazkur o‘quv yilida umumta’lim maktablarini jami 430 ming o‘quvchi tamomladi. Ayni chog‘da 701,9 ming bola 1-sinfga qadam qo‘ydi. 2035 yilga borib, 7-17 yosh oralig‘idagi bolalar soni 9 million 737,4 mingga yetishi kutilmoqda. Bu esa 2035/2036 o‘quv yiliga qadar qo‘shimcha 3 million o‘quvchi o‘rni yaratilishini talab etadi. Har yili oliy ta’lim muassasalari mehnat bozoriga o‘rtacha 30 ming nafar oliy ma’lumotli o‘qituvchi chiqaradi. 2035 yilga borib, oliy ta’lim muassasalariga qabul darajasini 55 foizga yetkazish va xotin-qizlar uchun ajratiladigan kvotalarni oshirish natijasida oliy ta’lim muassasalari har yili o‘rtacha 40 ming pedagog kadrni tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘ladi, o‘qituvchilar soni 970 mingni tashkil etadi. Natijada har bir o‘qituvchiga 10 o‘quvchi to‘g‘ri keladi. Ushbu hisob-kitoblarga asoslanib aytish mumkinki, yaqin kelajakda o‘qituvchilarga talab yuqori bo‘ladi. Shunga qaramay, ularning yetishmasligi kuzatilmaydi, ayrim katta shaharlar bundan mustasno sanaladi.
— Aholini ro‘yxatga olish jarayonidayig‘iladigan ma’lumotlar, o‘z navbatida, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash, oilalarga yordam ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, ta’lim bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyatini kengaytiradi.
—Ayni chog‘da ular aholi punktlari infratuzilmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda ham nihoyatda qo‘l keladi. Masalan, odamlarning bir joydan ikkinchi joyga ish topish yoki boshqa maqsadlarda ko‘chib yurishi, bandligi va kasbi to‘g‘risidagi ma’lumotlar butun mamlakat yoki uning muayyan hududida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishni rejalashtirish imkonini beradi. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish natijalari aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning taqsimlanishini hisoblashda ishlatiladi, migratsiya holatini, mehnat resurslari taqsimotini aniq ko‘rsatib beradi.