Aholini roʻyxatga olishning tamoyillari
Xalqaro tavsiyalarga koʻra, aholini roʻyxatga olish quyidagi muhim tamoyillarga asoslanadi:
- Markazlashtirish.Aholini roʻyxatga olishni boshqarishning qatʻiy markazlashtirilishi ushbu tadbirni muvaffaqiyatli oʻtkazishning asosiy shartlaridan biridir.
- Aholini roʻyxatga olishning muntazamligi.BMT tavsiyalariga koʻra, aholini roʻyxatga olish 10 yilda kamida bir marotaba oʻtkazilishi belgilangan.
- Aholini roʻyxatga olish maxsus tayyorlangan mutaxassislar – hisobchilar tomonidan oʻtkazilishi.Mazkur tadbirni amalga oshirish uchun koʻp miqdorda maxsus xodimlar yollanadi, ularning tarkibiga ziyolilar, talabalar ham kiritilishi mumkin.
- Aholini roʻyxatga olishni aniq bir muddatda oʻtkazish.Bu tadbirni amalga oshirishga odatda 10–12 kun talab etiladi. Aholini roʻyxatga olish bir necha kun davomida oʻtkazilsa ham, maʻlumotlar aniq bir vaqtda – koʻpincha aholini roʻyxatga olishning birinchi kunining 0 soatdagi holati boʻyicha qayd etiladi. Bu aholini roʻyxatga olishning nozik vaqti, deb ham ataladi.
Masalan, chaqaloq aholini roʻyxatga olish davrida, ammo ana shu aniq muddatdan keyin tugʻilgan boʻlsa, u aholi roʻyxatiga kiritilmaydi. Lekin, kimdir bu aniq nozik muddatda hayot boʻlib, shundan keyin, yaʻni aholini roʻyxatga olish davrida vafot etsa, u aholi roʻyxatiga kiritiladi.
- Aholini roʻyxatga olishning belgilab qoʻyilgan aniq dasturining mavjudligi va tadbirni unga qatʻiy rioya qilgan holda oʻtkazish.Aholini roʻyxatga olish dasturi – roʻyxatga olishda muayyan talablarni hisobga olgan holda, aholiga murojaat qilinadigan savollar roʻyxatini, maʻlumotlarni qayd etish, toʻplash, qayta ishlash, yakuniy maʻlumotlarni eʻlon qilish tartiblarini oʻz ichiga oladi.
- Aholining toʻliq qamrab olinishi.Aholini roʻyxatga olishda kimdir unutib qoldirilishi yoki ikki marta roʻyxatga olinishi hollari uchrasa ham, mavjud aholining roʻyxatdan joy olinishini taʻminlash asosiy vazifa hisoblanadi.
- Maʻlumotlarning maxfiyligi va shaxsiylashtirilishi.Aholini roʻyxatga olishda individual asosda har bir shaxs toʻgʻrisidagi yakka maʻlumotlar toʻplanadi. Shu bilan birga, respondentlardan olingan maʻlumotlarning nomsizligi kafolatlanadi. Aholini roʻyxatga olish varaqasidan faqat natijalarni umumlashtirish uchun foydalaniladi.
- Ixtiyoriylik.Shaxs toʻgʻrisidagi maʻlumotlar soʻralayotgan (respondent)ning javoblari (kichik yoshdagilar uchun – ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosadigan shaxslarning) asosida qayd qilinadi va buni hujjat bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
Koʻpgina mamlakatlarda aholini roʻyxatga olish qonun bilan tartibga solinishi mustahkamlab qoʻyilgan.
Masalan, Buyuk Britaniyada 1920-yilda Qoʻshma Qirollikda aholini roʻyxatga olish qonuni qabul qilingan. Mazkur qonunda aholini roʻyxatga olishning barcha qoidalari, fuqarolar, uy xoʻjaliklari, korxonalar va muassasalarning qaysi toifalari roʻyxatga olinishi, aholini roʻyxatga olishni kim oʻtkazishi, soʻrov varaqalari qanday boʻlishi kerakligi belgilab qoʻyilgan. Bundan tashqari, aholini roʻyxatga oladigan hisobchilarni yollash qoidalari, ularning xizmat vazifalari hamda aholini roʻyxatga olish qoidalari koʻrsatilgan.
Buyuk Britaniyada har galgi aholini roʻyxatga olishdan taxminan bir yil avval bunga doir alohida qonun hujjati qabul qilinadi (bunda albatta 1920-yilgi qonun hujjatiga havola qilinadi). Bu qonunda aholini roʻyxatga olish uslubiga aniqlik kiritiladi, aholini roʻyxatga olish muddati va buning uchun ajratiladigan mablagʻ miqdori belgilanadi. Buyuk Britaniyada aholini roʻyxatga olish har oʻn yilda, odatda, aprel oyida oʻtkaziladi. Bu sananing tanlanishi mamlakatda aholi oʻrtasida ommaviy tadbirlarning oʻtkazilishi uchun ob-havo qulay boʻlishi bilan izohlanadi