None

Tarix


Toshkent Kimyo xalqaro universiteti “Tarix” yoʻnalishining 2-kurs talabalari reja asosida amaliyotning 5-kunida qadimgi va ilk oʻrta asrlar davrining mahobatli madaniy markazi, Qadimgi Qangʻ davlatining yirik shahri — Qanqa arxeologik yodgorligida boʻlishdi. Qanqa shahri xarobalari Toshkent shahridan 70 km janubi-gʻarbda, Oqqoʻrgʻon tumanidagi Qorasuv irmogʻining (Ohangaron daryosining eski oʻzani) chap qirgʻogʻida joylashgan. Talabalar amaliyot jarayonida mil.avv III — milodiy XIII asrlarga oid boʻlgan yodgorlik haqida nazariy darsda olgan bilimlarini oʻz koʻzlari bilan koʻrib mustahkamladilar. Qanqa toʻgʻri toʻrtburchak shaklida, umumiy maydoni 200 ga boʻlib, bir necha qator mudofaa devori va xandaqlar bilan oʻralgan, ark, shahriston va raboddan iborat boʻlgan. Qadimgi shaharning tepaliklar ostida qanday saqlanib kelayotgani arxeolog ustozlar taʼrifi orqali tushuntirilishi talabalarimizga yanada qiziqarli boʻldi.